Yangiliklar
Yangiliklar
2025-10-03
MUNOSABAT
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda va ayrim telegram kanallarda Jalakuduk tumanida joylashgan 27-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti (bolalar bog‘chasi) xodimlari dam olish kunida majburiy mehnatga jalb qilingani va muassasa binosi buzilib, xodimlar bayram kuni ham ishlayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Ushbu holat yuzasidan Andijon viloyati Kambagallikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi, Davlat mehnat inspeksiyasi va boshqa tegishli mutasaddi tashkilotlar tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganish natijasiga ko‘ra, ushbu maktabgacha ta’lim muassasasida majburiy mehnatga jalb qilish holati aniqlanmadi. Bog‘cha xodimlari tomonidan hech qanday shikoyat va rasmiy murojaat kelib tushmagan.
Shu bilan birga, bog‘cha binosida olib borilayotgan qurilish va ta’mirlash ishlari tegishli tartibda, belgilangan rejalar asosida amalga oshirilayotgani ma’lum qilindi.
Eslatib o‘tamiz:
🔹 O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Mehnat kodeksiga muvofiq, majburiy mehnat qat’iyan taqiqlanadi;
🔹 Har bir xodim faqat o‘z mehnat shartnomasi asosida va belgilangan ish vaqtida faoliyat olib borishi lozim;
🔹 Majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan shaxslar qonun oldida javobgar hisoblanadi.
Agar fuqarolarda ushbu yoki shunga o‘xshash holatlar bo‘yicha aniq dalil va ma’lumotlar mavjud bo‘lsa, 1236 raqami orqali Davlat mehnat inspeksiyasiga murojaat qilishlarini so‘raymiz.