Yangiliklar
Yangiliklar
2025-05-17
RASMIY MUNOSABAT
Ijtimoiy tarmoqlarda “Inter Engineering” kompaniyasi tomonidan bir guruh ishchi-xodimlarga 6 oy davomida ish haqlari to‘lanmayotgani va mazkur holatga befarqlik bilan qaralayotgani haqida murojaatlar e’lon qilindi.
Mazkur holat Andijon viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi tomonidan e’tiborga olingan bo‘lib, tegishli o‘rganish ishlari boshlab yuborildi.
O‘rganish davomida quyidagi jihatlar atroflicha ko‘rib chiqiladi:
• Kompaniya tomonidan ish haqlarining kechiktirilish sabablari;
• Mehnat munosabatlari va shartnomaviy majburiyatlarga rioya qilinishi;
• Ishchilarning mehnat huquqlari buzilgani bo‘yicha dalillar;
• Mazkur masala yuzasidan kompaniya rahbariyati javobgarligi.
Ta’kidlash lozimki, mehnat munosabatlari “O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi” asosida tartibga solinadi. Har qanday ish beruvchi o‘z vaqtida xodimlarga ish haqi to‘lashga majburdir. Agar qonunbuzilish holatlari aniqlansa, belgilangan tartibda choralar ko‘riladi.
Andijon viloyati Bandlik boshqarmasi tegishli huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda ushbu murojaatni jiddiy nazoratga oladi va ishchilarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish choralarini ko‘radi.
Qo‘shimcha axborotlar o‘rganish yakuniga ko‘ra, ommaviy axborot vositalari va rasmiy sahifalar orqali taqdim etiladi.